Klinikangiz o'tgan oyda qancha ishladi? Aniq raqamni ayta olasizmi?
Ko'pchilik klinika egalari bu savolga taxminiy javob beradi. Kassadagi pul, kartaga tushgan tushum, administratorning daftaridagi yozuvlar — bularning hammasini bir-biriga qo'shib, "chamasi shuncha" degan raqam chiqadi.
Muammo shundaki, taxminiy raqam bilan qaror qabul qilib bo'lmaydi. Yangi kreslo olish kerakmi? Doktorga maosh oshirsa bo'ladimi? Qaysi xizmat foydali, qaysi biri zarar? Bu savollarning barchasi aniq raqamni talab qiladi.
Nima uchun kassa daftari yetarli emas
Kassa — bu tushum emas. Kassadagi pul — bugun to'langan pul. Lekin klinika bugun 5 million so'mlik xizmat ko'rsatgan bo'lishi, shundan 3 millionini olgan bo'lishi mumkin. Qaysi biri "daromad"? Kassa daftari bu farqni ko'rsatmaydi.
To'lov usullari aralashib ketadi. Naqd, karta, o'tkazma, bo'lib to'lash — bularning har biri boshqa joyda qayd etiladi. Oy oxirida ularni jamlash alohida ish.
Kim pulni qabul qilgani noaniq. Kassada kamomad chiqsa, uni kim, qachon, qaysi bemordan olgani aniqlanmaydi. Bu — ishonch masalasi bo'lib qoladi, hisob masalasi emas.
To'lanmagan xizmatlar ko'rinmaydi. Xizmat ko'rsatildi, lekin to'lov keyinga qoldirildi — bu hech qanday hisobotga tushmaydi. Klinika "qog'ozda boy, kassada kambag'al" holatga tushadi.
Yechim: har bir so'm o'z yo'liga ega
Dental ERP da moliya tasodifiy yozuvlar to'plami emas — u aniq zanjir bo'ylab harakatlanadi.
Xizmat → invoys → to'lov. Doktor davolashni yakunlaganda tizim avtomatik invoys hosil qiladi. Invoysda har bir xizmat alohida qator sifatida turadi: nomi, narxi, qaysi tishga, qaysi doktor bajargan. Hech narsa "esdan chiqmaydi", chunki invoys davolash yozuvidan avtomatik shakllanadi.
Invoys o'z holatiga ega. Har bir invoys aniq bosqichda turadi: qoralama → yuborilgan → qisman to'langan → to'langan. Bu holat qo'lda o'zgartirilmaydi — to'lov kiritilishi bilan tizim uni o'zi yangilaydi. Ya'ni "to'langan deb belgilashni unutish" degan holat yo'q.
Barcha to'lov usullari bitta joyda. Naqd, plastik karta, bank o'tkazmasi, bo'lib to'lash — har biri o'z turi bilan yoziladi. Oy oxirida qaysi usul bilan qancha tushganini ko'rish uchun hech narsani jamlash kerak emas, bu tayyor hisobot.
Har bir to'lovda "kim qabul qildi" yozuvi bor. Pulni qaysi xodim, qaysi vaqtda qabul qilgani qayd etiladi. Bu ayblov emas — bu tartib. Nizo chiqsa, muhokama emas, yozuv bor.
Moliyaviy yozuv o'chmaydi. To'lovlar o'zgarmas jurnalga (ledger) tushadi. Xato bo'lsa, u tuzatuvchi yozuv bilan to'g'rilanadi — o'chirib tashlash bilan emas. Bu buxgalteriyaning asosiy qoidasi va u tizimga qurilgan.
Hisobotlar: taxmin o'rniga raqam
Hisobotlar bo'limi klinika egasiga beshta asosiy javobni beradi:
- Hisoblangan daromad — davr ichida qancha xizmat ko'rsatildi (kassaga tushgan-tushmaganidan qat'i nazar)
- Yig'ilgan pul — shundan aslida qanchasi qo'lga tegdi
- To'lov usullari bo'yicha taqsimot — naqd/karta/o'tkazma nisbati
- Kunlik dinamika — qaysi kunlar kuchli, qaysi kunlar bo'sh
- Muddati o'tgan qarzlar — qancha pul kechikkan
Bularning ustiga xizmatlar bo'yicha hisobot qo'shiladi: qaysi xizmat necha marta ko'rsatilgan, qanchadan tushum keltirgan. Shu paytdan boshlab klinika egasi narxlarni his-tuyg'u bilan emas, ma'lumot bilan belgilaydi.
Natija
"O'tgan oyda qancha ishladik?" degan savolga javob endi ikkita raqamdan iborat bo'ladi: hisoblangan va yig'ilgan. Va ular orasidagi farq — bu aynan siz ustida ishlashingiz kerak bo'lgan pul.